Bo'limlar Ko'proq

Travmatologiya va ortopediya bo`limi

Xorazm viloyatida travmatologiya va ortopediya xizmatini rivojlanish tarixi

Xorazm viloyatida bemorlarga ixtisoslashgan travmatologik yordam ko’rsatish hozirgi Viloyat ko’p tarmoqli tibbiyot markazida xirurgiya bo’limi tarkibida 1954 yildan boshlab faoliyat yurita boshlagan. Travmatologik bemorlarga E.I.Hajiev mas’ul qilib tayinlangan.

O’sha paytda travmatologiya va ortopediya xizmatiga I.Umarov o’z hissasini qo’shgan. U 1954 yilda Samarkand tibbiyot institutini tugallagan, 1958 yilda Toshkent travmatologiya va ortopediya ilmiy-tekshirish institutida klinik ordinaturani o’tagan, so’ngra Xorazm viloyat sog’liqni saqlash bo’limining bosh travmatologi va viloyat shifoxonasida shifokor-travmatolog sifatida faoliyat ko’rsata boshlagan. I.Umarov 1961 yil noyabrь oyida vafot qilgan.

1960 yillarda xirurgiya bo’limi torgina binoda joylashgan bo’lsada, umumiy xirurgiya bo’limida barcha (xirurgiya, urologiya, neyroxirurgiya, travmatologiya, LOR, ko’z kasalliklari, kuygan bemorlar) soha bemorlari yotqizilib, juda og’ir sharoitda faoliyat ko’rsatgan. SHu davrlarda yo’l-transport hodisalari, qishloq xo’jaligidagi va oilaviy shikastlanishlar ko’payib ketgan. SHu bilan birga xalq orasida tabibchilik ham keng rivojlangan  bo’lib,  ularning asoratlari sifatida nogironlik darajasi ham oshib borgan. Bu holat ixtisoslashgan travmatologiya bo’limini tashkil qilinishini taqozo qilar edi. O’zbekiston Respublikasi travmatologiya va ortopediya ilmiy-tekshirish instituti va Sog’liqni saqlash vazirligining ham talabi shu bo’lgan. 1964 yil 16 iyunda Xorazm viloyat shifoxonasining yangi binosida 30 o’rinli travmatologiya bo’limi tashkil qilingan va E.I.Hajiev bo’lim mudiri qilib tayinlangan. Keyinchalik bu bo’limda A.Mahmudov  hamda  A.Li faoliyat ko’rsata boshlashgan.

E.I.Hajiev 1965 yil sentyabr oyida bosh shifokor muovini lavozimiga o’tkazilgan. Keyin 1965 yil sentyabrdan 1971 yilgacha travmatologiya bo’limiga A.Mahmudov boshchilik qilgan.

1966 yil dekabrь oyida 24 soat davomida faoliyat ko’rsatadigan shikastlanganlar manzili (travpunkt) tashkil qilingan bo’lib, unga travmatolog Li Aleksey boshchilik qila boshlagan. 1971-1974 yillarda boldir va boshqa suyaklar singanda amaliyotga Lena, Polyakov, Kaplan plastinkalari tatbiq qilina boshlangan.

1975-1983 yillarda travmatologiya bo’limiga R.H.Hasanboev boshchilik qilgan davrlarda amaliyotga Ilizarov apparati tatbiq qilindi. Ilizarov apparatni amaliyotga kirib kelishi travmatologiya sohasida katta burilish yasadi.

1975-1980 yillarda R.H.Hasanboev, K.Ollaberganov, Q.Masharipov, Q.Boboevlar Ilizarov nomidagi Kurgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-tekshirish institutida Ilizarov apparatini amalda tatbiq qilishni o’rganib  kelishgan va Xorazm viloyatida birinchilardan  bo’lib amalda qo’llay boshlashgan. Bungancha bo’lgan davrlarda, ya’ni Ilizarov apparati amaliyotga tatbiq qilingunigacha shikastlangan bemorlar 2—3 oy davomida kasalxonada yotishga mahkum bo’lishgan. Ushbu amaliy ishlardan keyin travmatologiya sohasida nogironlik darajasi ham keskin kamayib ketgan.

1983-1985 yillarda Q.Boboev bo’lim mudiri vazifasida faoliyat ko’rsatgan.

1985-2000 yillarda esa bo’limga t.f.n. dotsent Q.Masharipov mudirlik qilgan va uning tashabbusi bilan son suyagi bo’yin qismidan singanda kompression shuruplar, naysimon suyaklar singanda sterjenli apparatlar, singan suyaklarning soxta bo’g’imlarini davolashda «qon tomiri bilan suyak ko’chirish», bolalarda yelka suyagi do’nglararo sinishlarida Illizarov apparati yarim xalqalari yordamida osteosintez qilish operatsiyalarini Xorazm viloyatida birinchilar qatorida amaliyotga tatbiq qilgan. 2000 yilda Viloyat shoshilinch tibbiy yordam markazi tashkil qilingandan keyin t.f.n. dotsent Q.Masharipov shu markazning shoshilinch travmatologiya bo’limi mudiri vazifasiga tayinlangan. U ko’p yillar davomida Viloyat shoshilinch tibbiy yordam markazining yetakchi travmatologi va Xorazm viloyati bosh travmatologi sifatida ish olib borgan va ko’plab  bemorlar dardiga shifo bo’lgan.

1990 yilda ortopediya sohasi shifoxonaning travmatologiya bo’limidan ajralib, mustaqil 30 o’rinli bo’lim sifatida tashkil qilingan. Bo’lim mudiri lavozimiga B.A.Bobojonov tayinlangan. 1975 yildan boshlab M.SH.Saftiyorov  bo’lim mudiri sifatida tayinlangan. M.SH.Saftiyarov 1975-2017 yillar davomida travmatologiya va ortopediya bo’limi mudiri lavozimida ish faoliyatini olib borgan. U travmatologiya va ortopediya sohasida o’ziga xos burilish yaratgan bo’lib, tinmasdan izlangan, ko’plab ilmiy adabiyotlarni o’qigan va kechayu-kunduz o’z ustida ishlagan. Tug’ma maymoqlik, son suyagi boshchasining tug’ma chiqishi, bolalar tserebral falaji va h.k. kasaliklarini jarrohlik usuli bilan davolashda o’z uslublarini tavsiya qilgan va amaliyotda qo’llagan. M.SH.Saftiyarov travmatologiya va ortopediya sohasida bemorlarni kam invaziv usular yordamida davolashning tarafdori edi. Hozirgi vaqtda M.SH.Saftiyarov yuzlab shogirdlariga ustozlik qilib kelmokda.

2018-2021 yilarda E.A.Ismailov travmatologiya va ortopediya bo’limi mudiri vazifasida faoliyat olib borgan. U o’z ishlagan davrida bemorlarga travmatologik va ortopedik xizmat qo’rsatish darajasi yanada yaxshilangan, bo’limga Artroskop apparati olib kelingan va faoliyati yo’lga qo’yilgan.

2021 yil may oyidan Xorazm viloyati ko’p tarmokli tibbiyot markazi travmatologiya va ortopediya bo’limi Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy amaliy tibbiyot markazi Xorazm filiali sifatida faoliyat yurita boshlagan. Bu davrdan boshlab filial rahbari lavozimiga R.A.Bekmetov tayinlangan. Filial jami 33 o’rindan iborat bo’lgan. R.A.Bekmetov tomonidan birinchilardan bo’lib yirik bug’imlarni endoprotezlash amaliyotlari viloyat travmatologiya sohasida amaliyotga tatbiq qilingan. U yosh bo’lishiga qaramasdan izlanuvchan va talabchan xodim hisoblanadi. Hozirgi kunda «Postravmatik artrozda chanoq-son bo’g’imining morfologiyasi va morfometriyasi» mavzusida ilmiy tadqiqot ishlarini olib bormoqda. Hozirgi kunda filialda ko’plab yosh olimlar, kafedra professor-o’qituvchilari, magistrlar va klinik ordinatorlar faoliyat olib borishmoqda.