Yangiliklar
Bemorlarning elektron tibbiy maʼlumotlaridan faqat tibbiy xizmatlar doirasidagina foydalaniladi!
Bugun tibbiyotni elektronlashtirishga har qachongidan koʼproq urgʼu berilmoqda. Onlayn poliklinika va tibbiy sugʼurta kabi loyihalarda bu yaqqol namoyon boʼlmoqda.
Bu jarayonda bir savol tugʼiladi: xoʼsh, butun tizim elektronlashdi deylik, bunda bemorlarning shaxsiy maʼlumotlarining xavfsizligi qanday taʼminlanadi?
Oʼzbekiston Respublikasi Sogʼliqni saqlash kodeksi loyihasiga koʼra, shaxsiy tibbiy hujjatlarni oʼz ichiga olgan elektron tibbiy maʼlumotlarni shakllantirish bemorga tibbiy yordam koʼrsatish doirasida amalga oshiriladi.
Shaxsiy tibbiy maʼlumotlardan foydalanish “Shaxsga doir maʼlumotlar toʼgʼrisida”gi qonun asosida yuritiladi.
Shuningdek, elektron axborot resurslarini, transchegaraviy hamkorlikdagi tibbiy maʼlumotlarni himoya qilish xususiyatlari xalqaro hamkorlik toʼgʼrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq ham belgilanadi.
Bu maʼlumotlardan mulkiy yoki maʼnaviy zarar yetkazish, kafolatlangan huquq va erkinliklarni amalga oshirishni cheklash maqsadida foydalanishga yoʼl qoʼyilmaydi.
Jismoniy shaxslarning shaxsiy tibbiy maʼlumotlari elektronlashtirilganda ulardan faqat xizmat vazifalarini bajarish doirasida foydalaniladi.