Yangiliklar
Tibbiyot tizimida mehnat qilayotgan xotin-qizlarga ehtirom koʼrsatildi
Opa-singillarimizga tengsiz latofat va nafosat sohibalari, deya taʼrif beramiz. Ezgulik va fidoyilik ramzi, xonadonlarimizning fayzu farishtalari sifatida eʼzozu ehtirom koʼrsatamiz.
Tabiat chiroy ochib borayotgan mana shunday shukuhli kunlarda tibbiyot tizimida mehnat qilib kelayotgan dilbar va munis xodimalarni 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan qutlash uchun Sogʼliqni saqlash vazirligida bayram tadbiri tashkil etildi.
Аyyom sururi vazirlik binosi ostonasidan boshlandi. Bu yerda vazir Аmrillo Inoyatov boshchiligidagi masʼullar tizimda faoliyat koʼrsatayotgan har bir xotin-qizni gullar bilan qarshi oldi. Shundan soʼng vazir sohadagi barcha opa-singillarimizga videokonferentsiya orqali tabrik yoʼlladi.
— Kecha Prezidentimiz farmoni asosida yuksak davlat mukofotlariga loyiq koʼrilgan bir guruh xotin-qizlar safida tibbiyot xodimlarining ham borligi bu sharafli kasb egalari mehnatiga koʼrsatilayotgan alohida eʼtibor va ehtirom namunasidir, — dedi А.Inoyatov.
Bayram tadbiri soʼngida vazirlik xotin-qizlariga esdalik sovgʼalari topshirildi.
Sogʼliqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.