Yangiliklar
2023 yil yakunigacha 1500 ta oilaviy poliklinika elektronlashtiriladi
XXI asrda vaqt insoniyat uchun eng qimmatli resursga aylandi. Shu bois bugun ko‘pchilikning kutishga, navbatda turishga sira toqati yo‘q. Aksariyat odamlar har bir ishi tez va oson bitishini xohlaydi. Ayniqsa, u bemor bo‘lsa. Shu sababli bugun yurtimizda tibbiyot tizimini raqamlashtirish, xususan, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida avtomatlashtirilgan axborot tizimini joriy etish masalasiga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, Prezidentimizning tegishli qarorlariga asosan birlamchi tizimda “Elektron poliklinika” axborot tizimi yo‘lga qo‘yilayotgani bu borada ayni muddao bo‘lmoqda.
Qog‘ozbozlikka butunlay chek qo‘yiladi
Oilaviy poliklinikalar va hududdagi ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika yuqori tezlikdagi optik tolali internet tarmog‘iga ulanadi. Natijada “Elektron poliklinika” dasturi ortiqcha qog‘ozbozliklarga chek qo‘yib, barcha ishlarni tizimli ravishda olib borishga, tezkor va aniq ishlashga, eng asosiysi, shifokorlarni bemorlar uchun ko‘proq vaqt ajratishiga sharoit yaratmoqda.
Mazkur tizimning afzalligi, barcha tibbiy hujjatlar elektron shaklda bo‘ladi, aholiga yuqori sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatiladi. Qolaversa, “Elektron poliklinika” onlayn ro‘yxat asosida fuqarolarni qabul qilish, masofaviy diagnostika, bemor salomatligini masofadan monitoring qilish, tibbiy kartalarning tarmoqli tizimi, virtual tibbiy ko‘rikdan o‘tish, virtual shifoxona xizmati, elektron retseptlar, telemetriya va zarur tibbiy yordamni uyda olishga imkon yaratadi.
Nechta muassasa bu tizimda faoliyat yuritmoqda?
Shu kungacha ushbu yangilik faqat Toshkent shahri va Sirdaryo viloyatidagi 230 ga yaqin oilaviy poliklinikada joriy etilgan edi. Qashqadaryo viloyatida esa ilk bor Qarshi shahridagi 3-son oilaviy poliklinika “Elektron poliklinika” tizimida faoliyat boshladi. Shuningdek, ayni paytda Samarqand, Termiz, Buxoro va Jizzax shaharlarida ham bittadan oilaviy poliklinika elektron tizimga ulanib, ish boshlamoqda.
Yangi dastur qanday ishlaydi?
— Poliklinikaga kelgan fuqaro “Elektron poliklinika” orqali ro‘yxatga olingach, oilaviy shifokorga yo‘naltiriladi, — deydi Cog‘liqni saqlash vazirligi tasarrufidagi “IT-Med” MCHJ direktori Sanjar Nabiyev. — Shifokor bemor uchun zarur tekshiruvlarni belgilab bergach, shu asosda tor soha mutaxassislari yoki laborator analiz topshirishi mumkin.
Odatda, oilaviy poliklinika shifokori laborator tekshiruvga yuborish uchun bemorga uzundan-uzoq tibbiy analizlar ro‘yxati yozilgan qog‘oz tutqazadi. “Elektron poliklinika” dasturi orqali bu ishlarning barchasi juda tez va oson bitadi. Yaʼni, ushbu mexanizm orqali shifokor tomonidan kerakli tibbiy tahlillar belgilanib, laboratoriyaga yuboriladi. Laboratoriya xodimi esa mazkur maʼlumotlarga asoslanib, bemordan kerakli tahlillarni oladi va qayta shifokorga yuboradi. Bu esa fuqaro va shifokor vaqtini tejab, tibbiy maʼlumotlarni xavfsiz saqlashga yordam beradi.
Bemorning barcha tahlillari avtomatik tarzda oilaviy shifokorga ko‘rinib turadi. U shu asosda murojaatchiga elektron retsept beradi. Bemorning retsept asosida poliklinikaning o‘zidan buyurilgan dorini olishi ham elektron tarzda nazorat qilinadi. Fuqarolar esa tibbiy tahlillarini, kasallik tarixini uyda o‘tirgan holda onlayn tarzda kuzatib turishi mumkin.
Barcha poliklinikalar yagona server asosida ishlaydi. Sog‘liqni saqlash vazirligidan turib, biror poliklinikaga qancha bemor murojaat qilgani, qaysi shifokor ko‘rikdan o‘tkazgani, qanday retsept buyurilgani, bemor u retsept asosida dorini olgan-olmagani ko‘rinib turadi.
Bu tizimning yana bir afzalligi shundaki, u orqali bemorlarning kasalliklarini tasniflash, o‘sha hudud aholisida ko‘p uchraydigan xastaliklar bazasini shakllantirish imkoni mavjud.
Hozirda 230 ga yaqin tibbiyot muassasasi “Elektron poliklinika” rejimida ishlayotgan bo‘lsa, 2023 yil davomida bu ko‘rsatkichni 1500 tagacha yetkazishni mo‘ljallaganmiz.
Integratsiya
Hozir Sirdaryo viloyati va Toshkent shahridagi poliklinikalar o‘zaro integratsiya qilingan bo‘lib, sirdaryolik bemor Toshkentdagi poliklinikaga murojaat qilsa, u haqdagi barcha maʼlumotlar shu yerning o‘zida ko‘rinadi. Kelgusida Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo, Buxoro va Jizzaxdagi oilaviy poliklikalar avvaliga hudud doirasida, keyinchalik hududlararo integratsiya qilinishi mo‘ljallangan. Bu esa mamlakatdagi birlamchi tibbiyot muassasalarining yagona elektron boshqaruvi paydo bo‘lishini anglatadi.
Bir so‘z bilan aytganda, ushbu loyiha sog‘liqni saqlash muassasalari o‘rtasida tibbiy maʼlumotlar almashinuvi uchun dasturiy muhit yaratish, tibbiyot tizimini zamonaviy, davr talablariga moslashtirish orqali uni modernizatsiya qilishga katta yordam bermoqda.
Qulayliklari...
Maʼlumot o‘rnida aytish lozimki, mazkur yangi elektron dastur tibbiyot xodimlari o‘rtasida tibbiy maʼlumotlar almashinuvi bo‘yicha xalqaro standartlarga to‘liq javob beradi va bir qator qulayliklari bilan ajralib turadi.
Jumladan:
– haqiqiy vaqtda hisobotlarni qabul qilish va uzatish;
– shaxsiy va tibbiy maʼlumotlarni ajratish;
– tibbiy maʼlumotlarning yuqori darajadagi xavfsizligi va nazorati;
– yangi tashkil etilgan tibbiyot muassasalarini tez va oson birlashtirish.
Yangi dastur orqali shifokor va bemorning vaqti tejalib, tibbiy xizmat sifati va samaradorligi oshadi. Tibbiyot xodimlari faoliyati va ish yuklamasini muntazam kuzatib borish, statistik maʼlumotlarni shaffof tarzda yuritish imkoniyati yaratiladi.