Yangiliklar
Tibbiyot xodimining kasbiy faoliyatiga toʼsqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda
Bugun Senatning oʼttiz yettinchi yalpi majlisida “Tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga toʼsqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilanishi munosabati bilan Oʼzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksiga qoʼshimchalar kiritish haqida”gi Qonun muhokama qilindi.
Xususan, soʼnggi vaqtlarda bemorlar va ularning yaqin qarindoshlari tomonidan tibbiyot xodimlariga tajovuz qilish hollari koʼpayib borayotganligi, bu jarayonda tibbiyot xodimlarini bemorlarning sogʼligʼi yomonlashishida yoki oʼlimida asossiz ravishda ayblash, shuningdek, hech bir sababsiz shifokorlarga va oʼrta tibbiyot xodimlariga tajovuz qilish hollari yuz berayotganligi qayd etildi.
Qonun bilan yuqorida qayd etilgan muammolarga yechim topish maqsad qilingan.
Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksda tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga toʼsqinlik qilganlik yoki shu maqsadda tibbiyot xodimiga qonunga xilof ravishda har qanday shaklda taʼsir oʼtkazganlik uchun alohida javobgarlik belgilanmoqda.
Bunda ushbu noqonuniy faoliyatni amalga oshirgan fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan yetti baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa yetti baravaridan oʼn baravarigacha miqdorda jarima solish yoki oʼn besh sutkagacha maʼmuriy qamoqqa olish jazosi kiritilmoqda.
Shuningdek, Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksning 197-7-moddasida tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga toʼsqinlik qilganlik yoki shu maqsadda tibbiyot xodimiga qonunga xilof ravishda har qanday shaklda taʼsir oʼtkazganlik haqidagi ishlarni koʼrib chiqish belgilanmoqda.
Bundan tashqari, ushbu Kodeksning 305-moddasiga muvofiq mazkur toifadagi ishlarni koʼrib chiqish muddati uch sutkani tashkil etishi qayd etilmoqda.
Senatorlarning taʼkidlashicha, ushbu Qonunning qabul qilinishi tibbiyot xodimlari huquqlarini himoya qilib, ularning kasbiy faoliyatiga turlicha aralashuvlarning oldini oladi. Shifokorlik kasbining maqomi hamda nufuzini oshirishga, fuqarolarga oʼz vaqtida va sifatli tibbiy yordam koʼrsatilishiga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.