Yangiliklar
Jigar kasalliklarini tadqiq etish uchun "tirik" model yaratildi
Jigarning yogʼ bosishi (yogʼli gepatoz) — tobora keng tarqalayotgan kasallik. Dunyo aholisining toʼrtdan bir qismida bu dard alomatlari uchraydi. Xastalik asosan notoʼgʼri ovqatlanish, kam harakatlilik tufayli yuzaga keladi.
Shuningdek, qandli diabet, gormonal almashinuv buzilishi va genetik kasalliklar ham ushbu muammoning omili. Xavotirli jihati, mazkur holat bora-bora jigar yalligʼlanishi va disfunktsiyasiga olib kelishi mumkin.
Taassufli jihati, olimlar bu kasallikni tadqiq etish uchun mos keladigan sinov vositalariga ega emas. Chunki tajriba oʼtkaziladigan sichqonlarda yogʼli gepatoz butunlay boshqacha kechadi.
Shu sababli izlanuvchilar maxsus modelь — organoidlarni yaratishga muvaffaq boʼldi. Ular inson yoki hayvon aʼzolarining tirik hujayralaridan shakllantirilgan. Muhimi, organoidlar funktsional va shakliy jihatdan tabiiy muqobili bilan bir xil.
Bu vositalar yordamida yogʼli gepatoz uch usul — yogʼ kislotalari bilan hujayralarni "oziqlantirish" va genomni sunʼiy tahrirlash natijasida yuzaga kelgan ikki turli genetik mutatsiyadan foydalanish orqali modellashtirildi.
Shundan soʼng tadqiqot mualliflari dorilarning ushbu kasallikka taʼsirini oʼrganishga kirishdi. Maʼlum boʼlishicha, genetik mutatsiyalar tufayli “yuzaga kelgan” xastalikda organoidning tibbiy preparatlarga reaktsiyasi boshqacha boʼldi.
Natijada yogʼli gepatoz bilan kurashish uchun eng samarali dori-darmonlar turkumi aniqlab olindi. Endi ular klinik sinovlardan muvaffaqiyatli oʼtsa, tibbiy amaliyotga qoʼllash uchun tavsiya etilishi mumkin.