Yangiliklar

Equipment 628 01 Dec 2022

Mutaxassis: Yurtimizda OIVga qarshi davolanayotgan shaxslarning 74 foizida virus yuklamasi bir necha marta kamaygan

OIV va OITS — bedavo xastaliklar. Afsuski, bu kasalliklar yurtdoshlarimiz orasida ham aniqlanmoqda. Bunday holatda beparvolikka berilib bo‘lmaydi. Millat genofondi, farzandlar kelajagini ushbu ofatdan asrash nafaqat tibbiyot xodimlari, balki butun jamiyatning vazifasidir.

Bu borada mamlakatimizda olib borilayotgan ishlar haqida Respublika OITSga qarshi kurash markazi direktori o‘rinbosari Gulifor Normuratovadan ma’lumot oldik:

— 2001 yilda O‘zbekiston OIV infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro majburiyat deklaratsiyasini imzolagan. Unga ko‘ra, hujjatga qo‘shilgan barcha davlatlar epidemiyaning oldini olishga qaratilgan umumiy siyosat, strategiya va yondashuvlarni qo‘llab-quvvatlashi zarur.
Deklaratsiya maqsadlariga muvofiq, 2030 yilda OIV infeksiyasi epidemiyasiga barham berish uchun barcha davlatlar oldiga 2025 yilgacha quyidagi 3 ta tamoyil asosidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish tavsiya qilingan:

 OIV infeksiyasini yuqtirib olgan shaxslarning kamida 95 foizi u bilan kasallanganini bilishlari kerak;

 OIV infeksiyasi yuqtirib olgan shaxslarning kamida 95 foizi maxsus antiretrovirus davolash bilan qamrab olinishi zarur;

 maxsus antiretrovirus terapiya olayotgan shaxslarning kamida 95 foizida virus yuklamasi aniqlanmaydigan darajada kamaygan bo‘lishi lozim.

2022 yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra, respublikamizda ro‘yxatga olingan OIV bilan kasallanganlar soni 45 ming nafarni tashkil etmoqda. OIVni yuqtirib olgan shaxslarning aksariyat qismi maxsus antiretrovirus davolash bilan qamrab olingan.

Shunday muolajalarni olayotgan shaxslarning 74 foizida virus yuklamasi bir necha marta kamaygan. Bundan shunday xulosa kelib chiqadiki, kasallikka qarshi kurashni qancha keng ko‘lamda va erta olib borsak, shuncha samarali natijaga erishishimiz mumkin.