Yangiliklar

Equipment 541 15 Aug 2022

Gemodializ xizmati yoʼlga qoʼyilgan tumanlar soni 23 taga yetdi

Yaqin yillargacha buyrak yetishmovchiligi bilan ogʼrigan bemorlar juda koʼp qiyinchilik va ovoragarchiliklarga duch kelgan. Qolaversa, gemodializ va nefrologiya xizmati sifati ham mutlaqo talabga javob bermas edi.

Ushbu xastalikka chalinganlar zarur tibbiy xizmat bilan yetarli darajada qamrab olinmagandi.

Bundan tashqari, ushbu muolajani olishi zarur boʼlgan bemorlar kunora 100-200 kilometr yoʼl bosib, viloyat markaziga borishga majbur boʼlgan.

 Prezidentimizning ushbu sohaga qaratgan eʼtibori tufayli oxirgi 6 yil ichida gemodializ xizmati sifati tubdan oʼzgardi. Natijada 2016 yilda faoliyat koʼrsatgan gemodializ xizmatini koʼrsatuvchi boʼlimlar soni 29 tadan 65 taga yetkazildi. Gemodializ uskunalari miqdori esa 240 tadan 690 taga ortdi.

 2016 yilda viloyat markazlaridan tashqari yurtimizning faqatgina 2 ta tumanida boʼlgan ushbu xizmat 2022 yilga kelib, 23 ta tumanda yoʼlga qoʼyildi.

 Shuningdek, Qoraqalpogʼiston Respublikasi, Xorazm viloyati va Toshkent shahrida 1 100 nafar bemorga gemodializ xizmatini koʼrsatish boʼyicha Hindistonning “Nephrocare Health Services Central Asia” kompaniyasi bilan davlat-xususiy sheriklik asosidagi bitim imzolandi.

 Unga koʼra joriy yil aprelь oyida Nukus shahrida 150 nafar bemorga xizmat koʼrsatuvchi yangi gemodializ klinikasi faoliyati yoʼlga qoʼyildi.

 Yaqinda Xorazm viloyatining Urganch va Bogʼot tumanlarida 250 nafar bemorga xizmat koʼrsatuvchi gemodializ klinikalari ish boshladi. Sentyabrь oyidan esa Toshkent shahrida 700 nafar bemorga xizmat koʼrsatuvchi shunday muassasa faoliyati yoʼlga qoʼyiladi.
Binobarin, doimiy gemodializ muolajasini olayotgan 4 456 nafar bemor qoʼshimcha 5 turdagi dori vositalari (geparin, eritropoetin, temir preparatlari, V va S guruh vitaminlari) bilan bepul taʼminlanmoqda.

 Gemodializ xizmatini rivojlantirish maqsadida Davlat byudjetidan ajratilayotgan mablagʼlar miqdori 8 barobargacha ortdi. Yaʼni, 2016 yilda bu sohaga 18 mlrd. soʼm yoʼnaltirilgan boʼlsa, 2022 yilda ajratilayotgan mablagʼlar miqdori 145 mlrd. soʼmga yetdi.

 Kelgusida viloyatlar markazidan 50-100 kilometrgacha uzoqlikda boʼlgan jami 51 ta tumanda (hozir 23 ta) joriy yil yakunigacha gemodializ xizmati yoʼlga qoʼyilib, 528 nafar bemorga oʼzi yashab turgan hududda muolaja olish imkoni yaratiladi.

Sogʼliqni saqlash vazirligi