Yangiliklar
 
							                            SSV: Vazirlik aholini yana bir bor internetdagi firibgarlardan ogoh boʼlishga chaqiradi
Ijtimoiy tarmoqlar orqali yurtimizda vaktsina olgan fuqarolar uchun 750 ming soʼm miqdorida pul mablagʼi berilayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda.
Sogʼliqni saqlash vazirligi ushbu holat yuzasidan quyidagilarni maʼlum qiladi.
Sir emas, soʼnggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda sodda odamlar ishonchiga kirib, ularning bank plastik kartalaridagi shaxsiy pul mablagʼlarini aldov yoʼli bilan qoʼlga kiritish hollari tez-tez uchramoqda.
Xususan, internet orqali yurtimizda vaktsina olgan fuqarolar uchun 750 ming soʼm miqdorida pul mablagʼi berilayotgani haqidagi asossiz, hech qanday haqiqatga toʼgʼri kelmaydigan maʼlumotlar ayni ana shu maqsadda takror-takror tarqatilyapti.
Shu bois vazirlik avval ham mazkur yolgʼon axborotlar boʼyicha bir necha bor oʼz munosabatini bildirgan va aholidan bunday maʼlumotlarga ishonmasliklarini soʼragan edi.
Biroq uydirma xabarlarni tarqatuvchi bu kabi kimsalar odamlar ishonchini qozonish uchun yangi-yangi aldov usullarini qoʼllamoqda. Yaʼni, endilikda ular internetda Sogʼliqni saqlash vazirligi nomidan maxsus sahifa ochib, aholini oʼz tuzogʼiga ilintirishga urinyapti.
Jumladan, vazirlikning rasmiy veb-sayti bilan bir xil dizaynda tayyorlangan sahifaning asosiy fonida vaktsina olganlarga 750 ming soʼm miqdorida pul mablagʼi berilishi aytilgan. Buning uchun shaxsiy maʼlumotlarni kiritish soʼralgan.
Аslida yuqorida keltirilgan axborot firibgarlik maqsadida tarqatilgan boʼlib, hech qanday rasmiy asosga ega emas.
Shu bois vazirlik aholidan yana bir bor bu kabi "feyk" xabarlarga ishonmasliklarini, vaktsinatsiya jarayonlari bilan bogʼliq eng toʼgʼri maʼlumotlarni Sogʼliqni saqlash vazirligining rasmiy ssv.uz sayti hamda telegramdagi, sahifalari orqali olishlari mumkinligini eslatib oʼtadi.
 Unutmang, bunday yolgʼon xabarlarni tarqatish tegishli tartibda javobgarlikka sabab boʼladi.
Sogʼliqni saqlash vazirligi
 
                              