Yangiliklar

Equipment 600 03 Mar 2023

“Elektron retsept” tizimi orqali aholiga dori vositalarini bepul berish yoʼlga qoʼyiladi

Davolash va tashxis qoʼyishning eng maqbul tizimini joriy etish, bu orqali aholining umr koʼrish davomiyligini uzaytirish — tibbiyotimiz oldidagi muhim vazifa.

 Shunga koʼra, Prezidentimizning 2020 yil 12 noyabrdagi tegishli qarori asosida yurtimizda Frantsiya, Germaniya, Norvegiya, Rossiya, Singapur, Janubiy Koreya va Yaponiya kabi rivojlangan davlatlarning bu boradagi tajribasi asosida davlat tibbiy sugʼurtalash tizimi yoʼlga qoʼyildi.

Mazkur hujjatda tibbiy xizmat koʼrsatishning yangi mexanizmi, davlat tibbiy sugʼurtasi tizimi bilan bogʼliq ishlarni tashkil etish va uni dastlab Sirdaryo viloyatida aprobatsiyadan oʼtkazish, keyingi yillarda esa respublikamizning barcha viloyatlarida bosqichma-bosqich joriy etish belgilangan edi.

 Oʼtgan qisqa vaqt davomida aholiga kafolatlangan paket hisobidan tibbiy xizmat koʼrsatish borasidagi ishlar ushbu viloyatda samarali yoʼlga qoʼyildi.

2023 yil iyulь oyidan esa davlat tibbiy sugʼurtasi tizimi mexanizmlari Toshkent shahrida tatbiq etiladi.


Buning uchun:

 poytaxtimizdagi 72 ta poliklinika va 40 ta shifoxona kompьyuter va tibbiy uskunalar bilan jihozlanadi, tibbiyot muassasalari toʼliq raqamlashtiriladi;

 1400 ta tibbiy brigadaning 4900 nafar shifokor va hamshirasi maxsus kurslarda oʼqitiladi;

 “elektron retsept” asosida aholining ehtiyojmand qatlamiga dori vositalarini bepul berish yoʼlga qoʼyiladi;

 “Toshkent tajribasi” asosida koʼp qavatli uylar joylashgan hududlarda 170 ta ixcham mahalla tibbiyot punkti tashkil etiladi;

 579 ta mahalla fuqarolar yigʼini binosida “Salomatlik maktabi” ochiladi va sogʼlom turmush tarzini faol olib borgan, yuqori natijalarga erishgan fuqarolar ragʼbatlantirib boriladi.

Eng muhimi, tizim toʼgʼri yoʼlga qoʼyilib, ishlar toʼliq tashkil etilgandan soʼng aholi kafolatlangan tibbiy xizmat koʼrsatish paketlaridan foydalanish imkoniga ega boʼladi.