Yangiliklar
Qalbaki dori vositalarini qanday farqlash mumkin?
Shoira Nazarova,
Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish Davlat markazi boʼlim boshligʼi:
— Oʼzbekiston Respublikasining 2016 yil 4 yanvardagi "Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʼgʼrisida"gi qonuni 3-moddasida:
“Qalbakilashtirilgan dori vositasi va tibbiy buyum — tarkibi yoki xususiyati toʼgʼrisida yoxud ishlab chiqaruvchisi haqida yolgʼon axborot ilova qilingan dori vositasi va tibbiy buyum” deb taʼrif berilgan.
Qalbakilashtirish ham tovar nomiga (savdo nomi), ham jenerik dori vositalariga tegishli boʼlishi mumkin. Bunda, tarkibida tegishli yoki tegishli boʼlmagan ingredientlar kiritilgan, faol moddalar boʼlmagan yoki yetarli boʼlmagan hamda soxta qadoqlangan mahsulotlarni kuzatishimiz mumkin. Ularni esa laboratoriya tahlil natijalari boʼyicha sifatli yoki sifatsizligi aniqlanadi va tegishli xulosa beriladi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, dori vositasini xarid qilayotganda quyidagilarga eʼtibor berish kerak:
Narx – qalbaki dori vositalari dorixonalarda original dori narxiga nisbatan arzon boʼladi.
Mahsulot qadogʼi – undagi harflar va raqamlar noaniq, tasvirlar xira va karton qutining oʼzi yupqa va shaklini yaxshi ushlamaydi.
Seriya, raqam, shtrix-kod, ishlab chiqarish sanasi tushunib boʼlmaydigan darajada noaniq boʼladi.
Qoʼllash yoʼriqnoma varagʼi bosmaxonada bosilmagan, xuddi nusxalanganga oʼxshaydi. Qadoqdagi va dorining oʼz qolipidagi ishlab chiqarilgan sana va saqlash muddatlari bir-biriga mos kelmasligi mumkin.
Xarid qilayotgan dori vositasida yuqorida sanab oʼtilgan belgilar sizni shubhalantirsa, dorixona tomonidan mazkur dori vositasiga tegishli muvofiqlik sertifikatini soʼrang. Аgarda bunday sertifikat mavjud boʼlmasa, ushbu holat yuzasidan Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʼmitasiga murojaat qilishingiz mumkin.