Yangiliklar
SSV: "Tez yordam" xodimini kaltaklagan fuqaroga jinoyat ishi qoʼzgʼatilib, protsessual tartibda ushlandi
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatining Toshkent tumanida chaqiruv asosida kelgan "Tez yordam" xodimiga xonadon egasi tomonidan jarohat yetkazilgani haqida xabarlar tarqaldi.
Sogʼliqni saqlash vazirligi mazkur holat yuzasidan quyidagilarni maʼlum qiladi.
Аniqlanishicha, joriy yil 22 yanvarь kuni soat taxminan 16:20 larda Toshkent tumani tez tibbiy yordam boʼlimiga Qoraboʼriq mahallasidan chaqiriq kelib tushgan. Shundan soʼng soat 16:30larda TTYo brigadasining erkak xodimlari — shifokor M.M. va felьdsher U.U. belgilangan manzilga yetib borgan.
Xonadondagi muzlamada yiqilib, chap qoʼl suyagi yopiq sinishi jarohatini olgan bemor ayolga “103” brigadasi tomonidan darhol birinchi tibbiy yordam koʼrsatilgan. Shu vaqtda uning 1999 yilda tugʼilgan oʼgʼli Oʼ.А. xonadonga kirib kelib, “nega ayol hamshira kelmadi”, deya kurakda turmas soʼzlar bilan tez tibbiy yordam xizmati xodimlarini haqorat qilgan.
Shunga qaramay, tibbiyot xodimlari xizmat vazifasini bajargan va bemorni shifoxonaga olib borgan.
Shu vaqtda ayolning oʼgʼli kelib, janjalni davom ettirgan va felьdsher — 1993 yilda tugʼilgan U.U.ni kaltaklab, unga jiddiy tan jarohati yetkazgan.
Oqibatda jabr koʼrgan "Tez yordam" xodimi Toshkent tibbiyot akademiyasi koʼp tarmoqli klinikasiga olib borilgan. Tekshiruvlar natijasida u “Bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, oʼng tomon yonoq sohasi koʼkargan jarohati, oʼng tomonlama yonoq sohasi va periorbital sohaning teriosti gematomasi” tashxisi bilan shoshilinch neyroxirurgiya boʼlimiga yotqizilgan. Hozir bemor belgilangan standartlar asosida tibbiy muolajalarni olmoqda.
Sogʼliqni saqlash vazirligi mazkur holatni oʼz nazoratiga olgan. Shuningdek, vaziyatga qonun doirasida huquqiy baho berilishi uchun barcha zarur choralarni koʼrmoqda.
Аyni paytda 24 yoshli fuqaro Oʼ.А. ichki ishlar organlari tomonidan protsessual tartibda ushlangan, holat yuzasidan jinoyat ishi qoʼzgʼatilib, tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda