Yangiliklar
JSST: Transyogʼlar isteʼmolini butunlay taqiqlash vaqti keldi
Sanoat yoʼli bilan ishlab chiqariladigan transyogʼlar hali-hanuz oziq-ovqat mahsulotlari tayyorlashda keng qoʼllanilmoqda. Bu esa Yer yuzida yashovchi sakkiz milliarddan ziyod aholining beshdan bir qismi salomatligiga jiddiy xavf solyapti.
Kecha Jahon sogʼliqni saqlash tashkiloti tomonidan maʼlum qilinishicha, yiliga yarim million odamning yurak-qon tomir kasalliklari oqibatida erta hayotdan koʼz yumishiga aynan shunday zararli ingredientlar sabab boʼlmoqda.
Shu bois Yevropa Ittifoqiga aʼzo mamlakatlarda 2021 yildan boshlab faqat 100 gramm yogʼ tarkibida 2 grammdan kam transyogʼlar boʼlgan mahsulotlar savdosiga ruxsat berilgan.
Daniyada esa sanoat yoʼli bilan tayyorlanadigan transyogʼlarga 20 yil oldin keskin cheklovlar joriy etilgan. Shu tufayli hozir ushbu davlatda yurak-qon tomir kasalliklariga chalinish holatlari sezilarli darajada kamaygan.
“Transyogʼlar inson oʼlimiga sabab boʼluvchi zaharli moddalardir, — deydi JSST rahbari Tedros Gebreyesus. — Shunday ekan, ularning isteʼmolini butunlay taqiqlash vaqti keldi. Bu borada hukumatlarni keskin choralar koʼrishga chaqiramiz”.
Tahlillarga koʼra, transyogʼlarni koʼp isteʼmol qilish sogʼliq uchun zararli. U lipometabolik kasalliklar rivojlanish xavfini oshiradi. Bundan tashqari, yurak-qon tomir xastaliklarini keltirib chiqaradi.
Eslatib oʼtamiz, margarin, "fast-fud", yarim tayyor yeguliklar, non va non mahsulotlari, qandolatlar hamda qovurilgan kartoshka frisi tarkibida transyogʼlar koʼp miqdorda uchraydi.