Yangiliklar
 
							                            Mutaxassis: Аntibiotiklar virusli kasalliklarni davolamaydi, aksincha
Dardga chalinganimizda, tezroq sogʼayib, oyoqqa turishni xohlaymiz. Ogʼriqlardan ham qancha erta xalos boʼlsak, shuncha yaxshi. Аmmo buning eng toʼgʼri yechimi — antibiotiklar emas! Аyniqsa, oʼzboshimchalik bilan bunday preparatlarni qoʼllab sogʼaymoqchi boʼlganlar qattiq yangilashadi!
Xoʼsh, antibakterial preparatlarning qanday nojoʼya taʼsirlari bor? Ulardan foydalanishda nimalarga alohida eʼtibor qaratishimiz lozim?
Farmatsevtika tarmogʼini rivojlantirish agentligi huzuridagi Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish Davlat markazi boʼlim boshligʼi Elьvira Svechnikova bu boradagi tavsiyalari bilan oʼrtoqlashdi.
— Аntibiotiklarni notoʼgʼri qoʼllash oqibatida dunyoda yiliga 700 ming kishi hayotdan koʼz yumishi qayd etilgan, — deydi mutaxassis. — Jahon sogʼliqni saqlash tashkilotining maʼlum qilishicha, agar antibakterial vositalardan foydalanish tartibga solinmasa, 2050 yilga borib yiliga 10 millionga yaqin odam vafot etishi mumkin.
Shu bois, bunday preparatlarni faqat shifokor koʼrsatmasiga binoan qoʼllash shart. Qolaversa, vrach qabuliga kelib, “Tezroq tuzalsam boʼlgani, menga antibiotik yozib bering” deb iltimos qilgan bemorlarni koʼrganmiz.
Bu ham notoʼgʼri qaror. Chunki siz talab qilganingiz uchun ayrim shifokorlar maxsus koʼrsatmalarsiz mikroblarga qarshi vositalarni ham buyurishi ehtimoli yoʼq emas.
Qolaversa, kuz-qish mavsumida oʼtkir respirator virusli kasalliklar koʼpayishi kuzatiladi. Bunday vaziyatda ayrim ota-onalar oʼzi, yaqinlari, ayniqsa, farzandlari betob boʼlib qolsa, isitmasi chiqsa, darrov antibiotiklar bilan davolashga urinadi.
Birinchidan, bunday dorilar virus emas, bakteriyalarga qarshi qoʼllanilishini unutmaslik lozim. Shu bilan birga, bu juda ogʼir asoratlarga olib kelishi mumkin. Masalan, ichak disbakteriozini keltirib chiqaradi. Baʼzilari esa jigarga jiddiy ziyon yetkazadi.
 Bundan tashqari, ushbu vositalarni nooʼrin qoʼllash oqibatida anafilaktik shok, yaʼni inson hayotiga xavf soluvchi allergik reaktsiya yuzaga kelishi xavfi bor. Shu sababli ota-onalarga shifokor tavsiyasisiz farzandlariga antibiotik bermaslikni doimo uqtirib kelamiz.
Shuningdek, dorixonaga kirib, biror preparatni xarid qilayotganingizda, farmatsevt tomonidan uning muqobili sifatida boshqa dori tavsiya qilinsa, albatta, shifokor bilan maslahatlashishingiz zarur. Yoki belgilangan dozaga qatʼiy amal qilish uchun mutaxassisdan tarkibi va faol moddasi boʼyicha maʼlumotlarni aniqlashtirishingiz talab etiladi.
Аgar, xastaligingiz antibiotiklarni talab etsa, davolash samarali boʼlishi uchun, avvalo, bunday dorilarga sezuvchanlikni aniqlash maqsadida bakterial sinama topshirish kerak. Ushbu tahlil natijalari shifokorga zarur preparatni tanlashga yordam beradi.
Belgilangan dozaning toʼgʼri qabul qilinishiga ham har doim etiborli boʼlish shart! Chunki uning meʼyordan koʼpi salomatlikka ziyon yetkazsa, kam dozasi patogen bakteriyalarga taʼsir qilmasligi mumkin.
 
                              