Yangiliklar
 
							                            Oʼzbekistonda robot operatsiya qilgan birinchi bemor boʼldim
Mamlakatimizga "Revo-i" rusumli robot-xirurg olib kelingani haqida xabar bergan edik.
Nafaqat yurtimiz, balki Markaziy Osiyoda noyob boʼlgan ushbu innovatsion texnologiya orqali sanoqli kunlar ichida 8 nafar bemorda murakkab operatsiyalar muvaffaqiyatli oʼtkazildi.
Xususun, robot-jarroh yordamida ogʼir xastalikdan shifo topgan ana shu yurtdoshlarimiz hozir qisqa muddatli muolajalarni tugallab, oʼz uylariga qaytgan.
Qamashi tumanilik Yunus Xolboev — ulardan biri. Аprelь oyida bemorda saratonning xavfli turlaridan biri aniqlangandi. Tegishli muolajalardan soʼng mutaxassislar operatsiya oʼtkazish oxirgi chora ekanini maʼlum qilishdi. Dastavval bu jarrohlik amaliyoti laparoskopik usulda oʼtkazilishi rejalashtirilgan edi.
Keyin robot-xirurg orqali bajariladigan operatsiya taklif qilingach, bemor ancha xavotirga tushganini aytadi:
— Oʼzbekistonda robot operatsiya qilgan birinchi bemor boʼlishimni eshitganimda biroz qoʼrquv ham boʼldi, — deydi hamyurtimiz. — Lekin uning boshqaruvi malakali shifokorlar qoʼlida ekanini bilib, mutaxassislarimiz tajribasiga ishondim va amaliyotga rozi boʼldim. Ikki soatda hammasi oʼtib ketdi. Hozir esa uyga ketish taraddudidaman.
Robot “qoʼl”laridan shifo topgan yana bir bemor — Muhabbat Shomansurova. 58 yoshli hamyurtimiz buyragidagi oʼsimta sabab shifoxonaga murojaat qilgach, unga ham robot-xirurg xizmati taklif qilindi. Kesishlarsiz, kam orgʼiqli va natijasi odatiy operatsiyalardan koʼra yuqori boʼlishi kutilgan amaliyotga bemor rozi boʼladi. Operatsiyadan ikki kun oʼtgach, Muhabbat opa oilasi bagʼriga sogʼlom qaytdi.
Odatda buyrak saratoni aniqlangan bemorlarda oʼtkaziladigan operatsiyalar yirik kesishlar bilan amalga oshirilar, ogʼir holatlarda esa bemorning buyragi olib tashlanar, operatsiyalar muvaffaqiyatli oʼtgan holatda ham, choklar ehtiyot qilinmasa, jarohat yiringlashi xavfi boʼlardi. "Revo-i" robot tizimi orqali esa buyrak ichiga kirib borilib, bir necha santimetrlik oʼsma aniqlik bilan olib tashlandi.
Robot-xirurg orqali qilingan onkologik amaliyotlar yana qayta paydo boʼlmasligi uchun oʼsimtani butunlay olib tashlashi, asab tugunlari va boshqa muhim organlarga taʼsir qilmasligi, minimal qon yoʼqotish bilan kechishi, bemorning amaliyotdan keyingi tiklanishi hamda butkul sogʼayib ketishini tezlashtirishi bilan bebaho ahamiyatga ega.