Yangiliklar

Equipment 598 23 Sep 2022

SSV: 50 nafarga yaqin tibbiyot xodimi Hindistonning yetakchi klinikalarida malaka oshirish uchun joʼnab ketdi

Joriy yil 28 iyul kuni Dehli shahrida boʼlib oʼtgan Oʼzbekiston — Hindiston hukumatlararo komissiyasining 13-yigʼilishi doirasida hind oʼlkasidagi yirik tibbiyot kompaniyalari bilan hamkorlik boʼyicha kelishuvlar imzolangan edi.

Xususan, Sogʼliqni saqlash va farmatsevtika sohasida 2022-2023 yillarga moʼljallangan ikki tomonlama
hamkorlik dasturiga muvofiq, bugun 50 nafarga yaqin tibbiyot xodimi Hindistonning bir qator yetakchi klinikalarida malaka oshirish uchun joʼnab ketdi.

Yurtimizning har bir hududidan saralab olingan xirurg, neyroxirurg, nevrolog, nefrolog, onkolog, reanimatolog, laborator-vrach, operatsion blok hamshirasi va hududiy tibbiy boshqaruv xodimlaridan iborat jamoa bir oy davomida hind shifokorlari tajribasini oʼrganadilar.

Ularga Hindistonning “Yashoda Hospitals”, “AIG Hospitals”, “Medanta the Medicity”, “Sri Sri Holistic Hospitals” va “Image Hospitals” kabi mashhur shifoxonalarida joriy qilingan ilgʼor davolash usullarini oʼzlashtirib, mamlakatimiz tibbiyot tizimiga tatbiq qilish vazifasi yuklatilgan.
Mutaxassislarning xizmat safari davomida mehmonxona, ovqatlanish va transport xarajatlari mezbonlar tomonidan, ularning borib-kelish va kunlik xarajatlarining bir qismi esa Iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qoʼllab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish jamgʼarmasi hisobidan qoplanadi.