Yangiliklar

Equipment 653 12 Sep 2022

Oʼquvchilar ovqatlanish ratsionining ozuqaviy nisbati qanday boʼlishi kerak?

Qovoq, karam, kartoshka, pomidor, sabzi… Bularning bari — salomatlik uchun foydali mahsulotlar. Аmmo ularni bolalar qanday shaklda va miqdorda isteʼmol qilganlari maʼqul? Qovurilgan, qaynatilgan, dudlangan, dimlangan… Qay bir usulda pishirilgan taomlarni kichkintoylarga berish maqsadga muvofiq? Qoʼllanilgan masalliqlar nisbati qanday boʼlishi lozim?

“Umumiy oʼrta, oʼrta maxsus, professional taʼlim muassasalarida oʼquvchilar ovqatlanishini tashkil etishning sanitariya qoidalari, normalari va gigiena normativlari”da, namunaviy taomnomaga qoʼyiladigan talablar ham belgilangan.

 Xususan, unda bir taomning miqdoriy tarkibi, energetik va ozuqaviy qiymati, vitamin va mineral moddalar mavjudligi toʼgʼrisida maʼlumot boʼlishi lozim. Taomlar va pazandalik mahsulotlari mavjud taom tayyorlash retsepturalari toʼplamiga muvofiq pishiriladi.

 Namunaviy taomnomada ovqat va pazandalik mahsulotlarining nomi taom tayyorlash retsepturalari toʼplamidagi nomi bilan mos kelishi kerak.

Oʼquvchilar uchun taomnoma ishlab chiqishda taomlarning yangi tayyorlanishi, sovugan taomga qayta termik ishlov berilmasligi eʼtiborga olinadi. Namunaviy taomnomaga bir taom yoki pishiriq mahsulotlari bir kunning oʼzida takroran hamda ketma-ket 2 kun kiritilmaydi.

 Namunaviy taomnomada energetik qiymatining mutanosib taqsimlanishi hisobga olinib, alohida bir, ikki, uch, toʼrt marotaba ovqatlanishda kaloriyalar sanitariya qoidalariga muvofiq foiz koʼrinishida beriladi. Kaloriya miqdori har bir ovqat uchun belgilangan normadan 5 foizgacha oraliq farqqa yoʼl qoʼyilishi mumkin.
Kunlik ovqatlanish ratsionining optimal ozuqaviy nisbati oqsillar hisobiga 10 — 15 foiz, yogʼlar hisobiga 30 — 32 foiz, uglevodlar hisobiga 55 — 60 foiz, kalьtsiyning fosforga nisbati 1:1,5 tarzda boʼlishi lozim.

 Oʼquvchilarning ovqatlanishida parhez tamoyiliga rioya qilinadi. Bunda ovqat tayyorlashda qaynatish, bugʼlash, dimlash, qovurish va toblash xususiyatlariga eʼtibor beriladi.

 Kunlik ovqatlanish ratsioni tarkibiga goʼsht, sut, sariyogʼ va oʼsimlik yogʼi, bugʼdoy noni (har bir ovqatlanishda) kiritiladi.

 Baliq, tuxum, pishloq, tvorog, sut mahsulotlarini ikki-uch kunda bir marta berish tavsiya etiladi.

 Nonushta salat, issiq ovqat va issiq ichimlikdan iborat boʼladi. Sabzavot va mevalar berilishi tavsiya etiladi.

 Tushlik tarkibiga salat, birinchi va ikkinchi taom (asosan goʼsht, baliq yoki parranda goʼshtidan tayyorlangan issiq ovqat) va ichimlik kiradi.

 Salat yangi uzilgan yoki tuzlangan bodring, pomidor, karam, qizil lavlagi, sabzi, qovoq va yangi koʼkatlar qoʼshilgan holda tayyorlanadi.

 Portsiyalangan sabzavotlar (qoʼshimcha garnir)dan ham foydalanish mumkin. Taʼmni yaxshilash maqsadida salatga sarxil yoki quritilgan mevalar: olma, olxoʼri, mayiz va yongʼoq qoʼshish mumkin.

 Ikkinchi tushlikda ichimlik (sut, sut mahsulotlari, kiselь, sharbat) bilan birga bulochka yoki kremsiz (tvorogli) qandolat mahsulotlari tavsiya etiladi.

 Kechki ovqat sabzavotli (sutli) taom yoki boʼtqa: ikkinchi asosiy ovqat (goʼsht, baliq yoki parranda goʼshti), ichimlik (choy, sharbat, kiselь)ni oʼz ichiga oladi. Qoʼshimcha ravishda mevalar yoki sut mahsulotlari, bulochka yoki kremsiz qandolat tavsiya etiladi.