Yangiliklar

Equipment 620 26 Aug 2022

JSST: Oʼtgan haftada maymun chechagiga chalinish holatlari 21 foizga kamaydi

Jahon sogʼliqni saqlash tashkilotining soʼnggi hisobotiga koʼra, oʼtgan haftada dunyo boʼyicha maymun chechagini yuqtirganlar safiga yana 5907 nafar bemor qoʼshildi.

Oqibatda aprelь oyidan shu kungacha mazkur xavfli infektsiya aniqlangan mamlakatlar soni 98 taga yetdi. Kasallikdan aziyat chekayotgan bemorlar soni esa 45 ming nafardan oshdi.
Xususan, yangi epidemiya oʼtgan haftada Eron va Indoneziya davlatlariga ham kirib borgan. Shunga qaramay, 15-21 avgust sanalarida maymun chechagi bilan xastalanish holatlari undan avvalgi haftaga nisbatan 21 foizga kamaydi.

Tahlillarga koʼra, infektsiyani yuqtirganlarning 98 foizdan ortigʼi erkaklar boʼlib, ularning oʼrtacha yoshi 36 ga teng. Jami bemorlarning 60 foizi АQShda, 38 foizi Yevropa mamlakatlarida roʼyxatga olingan.

Haftalik oʼsish dinamikasi asosan Аfrika davlatlari, xususan, Nigeriya va Kongo aholisi hissasiga toʼgʼri kelmoqda. 15-21 avgust kunlari mazkur qitʼada 219 nafar bemor kasallikka chalingani maʼlum boʼldi. Bu 8-14 avgust sanalariga qiyoslaganda 54 foiz yuqori koʼrsatkichdir.

Shundan kelib chiqib, JSST birinchi navbatda xavf guruhiga mansub aholi qatlami hamda tibbiyot xodimlari chechakka qarshi emlanishi zarur, degan xulosada.

Sogʼliqni saqlash vazirligi